Maktab yangiliklari

Targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 18-aprel kuni 3-sonli musiqa maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 33-son Farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda ayollar va bolalar huquqlarini ta’minlash, ularni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ekspert kengashi a’zosi, falsafa fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Jamila Shermuhammedova hamda Chirchiq shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Y.Jumayeva ishtirok etdi.

Mutaxassislar o‘z chiqishlarida mazkur Farmonning ahamiyati, unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar hamda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan batafsil ma’lumot berib, ayollar va bolalarning huquqiy himoyasini kuchaytirish, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.

Tadbir davomida oilalarda sog‘lom ijtimoiy muhitni shakllantirish, zo‘ravonlikka qarshi kurashishda davlat va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tadbirda “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sovrindorlari, ichki ishlar organlari xodimlari, tibbiyot va ta’lim sohasi vakillari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, mahalla xotin-qizlar faollari, namunali oila vakillari, targ‘ibot guruhi a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.